Yangiliklar

img
Mon, 02/09/2026 - 17:29

Navoiyga ehtirom

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan Adiblar xiyobonida keng qamrovli adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda davlat va jamoat arboblari, taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, keng jamoatchilik vakillari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etdi. Xiyobonda Navoiy g‘azallari asosida yaratilgan mumtoz ashulalar va maqom kuylari yangrab, tadbirga o‘ziga xos ma’naviy ruh bag‘ishladi.

Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi ham faol qatnashdi. Universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov o‘z ma’ruzasida Navoiy merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish, uni ta’lim jarayoniga chuqur integratsiya qilish hamda yoshlar qalbida mumtoz adabiyotga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash zarurligiga alohida e’tibor qaratdi. Rektor nutqida universitetda navoiyshunoslik yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, yangi nashrlar, xalqaro loyihalar va talabalarning navoiyxonlik tashabbuslari haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqanlar orasida Duyshunqul Chotonov hamda italiyalik mehmon, “Sandro Teti Editor” nashriyoti rahbari Sandro Teti bo‘lib, ular Alisher Navoiy ijodining jahon miqyosidagi e’tirofi, asarlarning xorijiy tillarga tarjima qilinishi va madaniy-gumanitar hamkorlik istiqbollari haqida fikr bildirdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ham o‘z chiqishida Navoiy siymosi milliy va umuminsoniy qadriyatlarni birlashtiruvchi ma’naviy timsol ekanini ta’kidlab, mumtoz adabiyotning bugungi avlod tarbiyasidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.

  

Tadbir davomida talabalar ishtiroki alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Turli oliy ta’lim muassasalarining, jumladan, mahalliy va xorijiy talabalar Navoiy g‘azal va ruboiylaridan o‘zbek hamda jahonning turli tillarida namunalar o‘qib, mumtoz she’riyatning badiiy jozibasini namoyon etdi. Yoshlarning sahnadagi ijrosi Navoiy merosining bugungi avlod tafakkurida yashab kelayotganini yana bir bor tasdiqladi.

  

Tadbirning tantanali qismi sifatida ishtirokchilar Adiblar xiyobonidagi Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambar qo‘yib, buyuk mutafakkir xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.