“Mehr bilan maktab sari” — yosh avlodga g‘amxo‘rlik
Joriy yilning 7-avgust kuni Toshkent shahridagi Shayxontohur tumani 102-sonli umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi hamda yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan “Mehr bilan maktab sari” nomli ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi Kengashi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda 100 nafarga yaqin tarmoq kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi xizmatidagi maktabgacha ta’lim va umumta’lim maktablari hamda oliy o‘quv yurtlarining xodimlari va ularning farzandlari ishtirok etishdi. Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent shahar Kengashi va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi bosh boshqarmasi rahbariyati, ta’lim sohasi faxriylari, ustozlar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Tadbir doirasida tabrik so‘zlari, badiiy va musiqiy chiqishlar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Ozoda Bekmuradova bilan uchrashuv hamda madaniy dasturlar tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi – kam ta’minlangan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash, ularga zarur o‘quv qurollari va maktab anjomlarini topshirish, shuningdek, bolalarning bilim olishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Tadbir davomida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi davomida ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash borasidagi ustuvor vazifalar hamda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu tashabbuslar alohida e’tirof etildi. Shuningdek, ko‘p yillar davomida ta’lim tizimida samarali mehnat qilib kelayotgan 7 nafar pedagog va xodimlarga sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirning eng muhim qismi sifatida 86 nafar kasaba uyushmasi a’zolarining farzandlariga o‘quv qurollari topshirildi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti xodimlarining farzandlariga ham o‘quv qurollari topshirildi. Mazkur xayriya aksiyasi orqali bolalarga yangi o‘quv yilini ko‘tarinki ruhda boshlashlari uchun munosib sharoit yaratish, ularda ilm olishga bo‘lgan ishonch va rag‘batni yanada kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Bu nafaqat moddiy yordam, balki yosh avlodga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir. Universitetimiz xodimlari ham o‘z farzandlarining bilim olish yo‘lida bunday qo‘llab-quvvatlashni his qilib, yangi o‘quv yilini yanada ishonch va motivatsiya bilan boshlamoqdalar.

