Yangiliklar

img
Mon, 08/24/2026 - 20:46

Maslahat markazi faoliyati oʻrganildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari, talabalar uchun yaratilayotgan sharoitlar hamda ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati doimiy e’tibor markazida.

Xususan, joyil yilning 24-avgust kuni ToshDOʻTAU rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov universitetda talabalar, ayniqsa, yangi qabul qilingan birinchi bosqich talabalari uchun tashkil etilgan Maslahat markazi faoliyati bilan tanishdi.

Ko‘ngilli talabalardan tashkil topgan mazkur markaz yangi o‘quv yilida universitetga qadam qo‘yayotgan yoshlarni talabalik muhitiga moslashtirish, ularning dastlabki tashkiliy masalalarini hal etishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida faoliyat olib bormoqda.

Markazga murojaat qilayotgan birinchi bosqich talabalari Talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza yuborish, ijara xonadonlarini topish, universitetning turli xizmatlaridan foydalanish, zarur bo‘limlar faoliyati haqida ma’lumot olish kabi masalalarda ko‘mak olmoqda. Shuningdek, talabalarning murojaatlarini tegishli mas’ullarga yo‘naltirish, ularni qiziqtirayotgan savollarga tezkor javob berish va muammolarini hal etishda amaliy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Rektor markaz faoliyati bilan tanishish davomida talabalar tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘makning mazmuni, murojaatlar ko‘lami va eng ko‘p uchrayotgan masalalar bilan qiziqdi. Yangi talabalar uchun zarur axborotning qisqa muddatda va tushunarli shaklda yetkazilishi, ularning universitet hayotiga moslashuvini yengillashtirish hamda dastlabki tashkiliy jarayonlarda ortiqcha qiyinchiliklarga duch kelmasligini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, akademik Shuhrat Sirojiddinov Registrator ofisi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Ofisda talabalar va ota-onalardan kelib tushayotgan murojaatlar, call-markaz orqali berilayotgan savollar, ularga javob berish jarayoni hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Ayniqsa, call-markazga kelib tushayotgan murojaatlarni tizimli tahlil qilish, takroran berilayotgan savollarni aniqlash, murojaatchilarga aniq va to‘liq ma’lumot berish, zarur hollarda masalani tegishli bo‘limlarga tezkor yo‘naltirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Yangi o‘quv yili arafasida talabalar sonining ko‘payishi bilan bog‘liq holda Registrator ofisi va call-markaz faoliyatiga tushadigan yuklamani oldindan hisobga olish, xizmat ko‘rsatish jarayonlarini yanada takomillashtirish, murojaatlarni ko‘rib chiqish tezligi va sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.

Universitet rahbari talabalar uchun xizmat ko‘rsatish tizimida qulaylik, tezkorlik va ochiqlik tamoyillariga amal qilish zarurligini ta’kidladi. Ayniqsa, yangi qabul qilingan talabalar universitetdagi ilk kunlaridanoq o‘zlarini qo‘llab-quvvatlangan holda his qilishi, zarur masalalarda murojaat qiladigan aniq manzilga ega bo‘lishi muhimligi qayd etildi.

Talabalarga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlarini izchil davom ettirish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarning oldini olish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba manfaatlarini ustuvor qo‘ygan holda xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, yoshlarning ta’lim olishi, yashashi va universitet hayotiga moslashishi uchun qulay sharoitlarni kengaytirish borasidagi ishlar davom ettiriladi.