Yangiliklar

img
Thu, 07/02/2026 - 17:18

“Maromiylik – umummilliy harakat”: yoshlarga ixcham, ma’rifatli marosimlar madaniyati targ‘ib qilindi

Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasida joriy yilning 2-iyul kuni “Maromiylik – umummilliy harakat” mavzusida seminar-trening tashkil etildi. Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Gulnoza Jo‘rayeva ma’ruza qildi.

Seminar-treningda professor-o‘qituvchilar, talabalar, magistrlar, tadqiqotchilar hamda yosh oila vakillari ishtirok etdi. Unda to‘y, oilaviy tantana, ma’raka va marosimlarni ixchamlashtirish, ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikning oldini olish, milliy qadriyatlarni asrash, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi huquqiy me’yorlar va ma’muriy javobgarlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Professor Gulnoza Jo‘rayeva o‘z chiqishida “maromiylik” tushunchasining mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib, bu g‘oya jamiyatda ixchamlik, oqilona sarf-xarajat, milliy odob, ma’naviy mas’uliyat va ijtimoiy hamjihatlikni qaror toptirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Qayd etilganidek, to‘y va marosimlarning asl maqsadi boylikni ko‘z-ko‘z qilish yoki o‘zaro raqobatga kirishish emas, balki yangi oilani qo‘llab-quvvatlash, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni va yaqinlar o‘rtasidagi mehr-oqibatni mustahkamlash, milliy an’analarni ma’naviy mazmun bilan davom ettirishdan iboratdir.

Tadbir davomida bugungi kunda ayrim oilalarda to‘y va marosimlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar, qarzga botish, “odamlar nima deydi?” degan ijtimoiy bosim, huda-behuda rasm-rusumlar, hashamatga berilish kabi holatlar jiddiy ijtimoiy muammolarga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Ma’ruzada ta’kidlanishicha, ba’zi hollarda bir kunlik dabdabali marosim uchun sarflangan mablag‘ yosh oilaning uy-joy, ta’lim, kasb-hunar, tadbirkorlik yoki farzand tarbiyasi bilan bog‘liq muhim ehtiyojlaridan ustun qo‘yilmoqda. Bu esa oilaviy barqarorlikka, yoshlarning kelajak rejalariga va jamiyatdagi ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Seminar-treningda to‘y va marosimlarni tartibga solishga oid amaldagi huquqiy asoslar ham tushuntirildi. Xususan, 2019-yil 14-sentabrdagi “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror hamda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 192-moddasi mazmuni haqida ma’lumot berildi. Mazkur modda talablariga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish tartibiga rioya etmaslik holatlari uchun fuqarolar, to‘yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslari javobgarlikka tortilishi mumkinligi ta’kidlandi.

 

Ma’ruzada belgilangan tartibga muvofiq to‘y va marosimlarni bir kun davomida soat 06:00 dan 23:00 gacha o‘tkazish, oilaviy tadbirlarda mehmonlar sonini me’yorida belgilash, nikoh bilan bog‘liq tadbirlarda ortiqcha avtomashinalardan foydalanmaslik, to‘yxona, restoran va san’atkorlar bilan shartnoma asosida ishlash kabi talablar tushuntirildi. Shuningdek, “Marry me”, “Love story”, ortiqcha karnay-surnay, dabdabali kortejlar, to‘ydan oldin va keyin o‘tkaziladigan keraksiz qo‘shimcha marosimlar, “kelin chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “quda chaqirdi”, “sep yoydi”, “tog‘ora yuborish” kabi ortiqcha rasm-rusumlarning oilalarga iqtisodiy va ma’naviy yuk bo‘layotgani qayd etildi.Tadbirda “maromiylik” faqat to‘y xarajatlarini qisqartirish emas, balki jamiyatda ma’naviy me’yor, mas’uliyat va ongli tanlov madaniyatini shakllantirish ekani alohida ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, oilaviy hayotga qadam qo‘yayotgan yigit-qizlarda moliyaviy savodxonlik, huquqiy madaniyat va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash muhim vazifa sifatida ko‘rsatildi.

Seminar-trening davomida xorijiy tajribalar ham tahlil qilindi. Jumladan, Shvetsiyadagi “lagom”, ya’ni “na ortiqcha, na kam, me’yorida” tamoyili, Janubiy Koreyadagi “Small Wedding” – kichik to‘y harakati, Yaponiya va Germaniyadagi amaliy, ixcham hamda moliyaviy mas’uliyatga asoslangan yondashuvlar misol tariqasida keltirildi. Ushbu tajribalar orqali marosimning qadr-qimmati unga sarflangan mablag‘ bilan emas, balki uning ma’naviy mazmuni, samimiyati va oila kelajagiga xizmat qilishi bilan belgilanadi, degan fikr ilgari surildi.

Professor Gulnoza Jo‘rayeva seminar ishtirokchilariga to‘y va marosimlarni diniy, an’anaviy va zamonaviy yondashuvlar asosida ham me’yor bilan o‘tkazish mumkinligini tushuntirdi. Bunda asosiy mezon qonuniylik, ixchamlik, milliy qadriyatlarga hurmat, samimiyat va yosh oila manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yishdan iborat bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

 

Tadbirda “Maromiylik” harakatini keng targ‘ib qilishda ta’lim muassasalari, mahalla, nuroniylar, FHDYO organlari, ichki ishlar profilaktika inspektorlari, yoshlar tashkilotlari hamda keng jamoatchilik hamkorligi muhim ekani qayd etildi. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarida, maktablarning yuqori sinflarida, litsey, kollej va texnikumlarda maxsus tushuntirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, yoshlar o‘rtasida “eng ibratli kamxarj to‘y” kabi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi bildirildi.

Seminar-trening yakunida ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Yosh oilalar, talabalar va tadqiqotchilar to‘y va marosimlarda ortiqcha dabdaba o‘rniga ilm, ta’lim, uy-joy, tadbirkorlik va oilaviy barqarorlikka mablag‘ yo‘naltirish jamiyat uchun ancha foydali ekani haqida fikr almashdi.

Ta’kidlanganidek, “Maromiylik – umummilliy harakat” tashabbusi jamiyatda isrofgarchilikka qarshi sog‘lom munosabatni shakllantirish, yosh oilalarni moliyaviy bosimdan asrash, milliy qadriyatlarni asl mazmunida davom ettirish va ma’naviy muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi. Seminar-trening mazkur yo‘nalishdagi targ‘ibot, tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish, ayniqsa, yoshlar orasida ixcham, oqilona va qadriyatga asoslangan marosimlar madaniyatini keng yoyishda muhim ahamiyat kasb etadi.