Yangiliklar

img
Thu, 07/09/2026 - 18:11

Ma’rifat manzili sari sayohat

Talaba-yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy bilim va dunyoqarashini yanada boyitish, ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Shu maqsadda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan doimiy ravishda turli uchrashuvlar, ma’rifiy kechalar va tarixiy maskanlarga sayohatlar uyushtirib kelinmoqda. Bunday tadbirlar yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish barobarida, ularning ona Vatanga bo‘lgan muhabbatini kuchaytirishga ham xizmat qilmoqda.

Kuni kecha, ya’ni 10-iyul kuni yurtimizda o‘tkazilayotgan Dolzarb 90 kun g‘oyaviy-ma’rifiy loyihasi doirasida universitetimiz jamoasi uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga maxsus ma’rifiy tashrif tashkil etildi. Ushbu qiziqarli va mazmunli kechgan safarda oliygohning 60 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilari, mas’ul xodimlari hamda faol talaba-yoshlari ishtirok etdilar.

Tashrif davomida ishtirokchilar markaz bo‘ylab sayohat qilib, ulug‘ ajdodlarimizning ilm-fan, ma’rifat va jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini yorituvchi noyob eksponatlar, qadimiy qo‘lyozma manbalar va arxeologik topilmalar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, markaz zallaridan joy olgan zamonaviy ekspozitsiyalar hamda multimedia ko‘rgazmalari universitetimiz vakillarida juda katta taassurot qoldirdi.

Bu kabi ma’rifiy tadbirlar talabalarning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning dunyoqarashini kengaytirish va milliy merosimizga bo‘lgan hurmatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Universitet jamoasining tarixiy va madaniy markazlarga tashriflari tizimli ravishda davom ettiriladi.