Yangiliklar

img
Wed, 03/11/2026 - 12:27

Kitobxon talabamizning oilaviy zafari

Mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish, yoshlar va oilalar o‘rtasida kitob mutolaasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon oila” tanlovining 2025-yilgi Respublika bosqichi yakunlandi.

 

Tanlov yakunlariga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Jahon adabiyoti yo‘nalishi 1-kurs magistranti Suyunboyeva Mohichehra turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda ishtirok etib, tanlovning 2-o‘rinini qo‘lga kiritdi.

 

Tanlov davomida ishtirokchilar badiiy adabiyot, kitobxonlik madaniyati, mantiqiy fikrlash hamda umumiy bilim saviyasiga doir bir qator sinovlardan o‘tishdi. Mazkur bosqichlarda Suyunboyeva Mohichehra va uning turmush o‘rtog‘i yuqori bilim hamda tayyorgarlik darajasini namoyon etib, respublika miqyosidagi tanlovda munosib natijaga erishdi.

 

Yakuniy natijalarga ko‘ra, tanlovning 2-o‘rin sohiblariga 50 million so‘m pul mukofoti topshirildi. Ushbu yutuq yosh oilalar o‘rtasida kitob mutolaasini keng targ‘ib etish, bilim va ma’rifatga intilishni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir yorqin natijasi sifatida e’tirof etilmoqda.

 

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi Suyunboyeva Mohichehrani ushbu yutuq bilan tabriklab, uning ilmiy faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tilaydi.