Yangiliklar

img
Mon, 03/13/2023 - 23:39

Jadidchilik va jadid adabiyotiga doir seminar

Turkiston jadidchilik va jadid adabiyoti xalqimiz adabiy-estetik ва ijtimoiy-ma’rifiy tafakkuri takomilida alohida davrni tashkil etadi. Ona yurtimizda Uchinchi Renessansni yuzaga keltirish, Vatan va millatni dunyoning mutaraqqiy davlatlari va xalqlari darajasiga yuksaltirish yo‘liga butun kuch-g‘ayrati va ilmiy-ijodiy salohiyatini safarbar etgan ma’rifatparvar jadidlar faoliyatiga bugungi kunda har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilayotgani zamirida teran mazmun mujassam. Bu esa, o‘z navbatida, mutaxassislar zimmasiga mas’uliyat hissini yuklaydi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbek filologiyasi fakulteti O‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi nazariy-metodologik seminar “Turkiston jadidchilik harakati va jadid adabiyotining ijtimoiy-siyosiy, adabiy-ma’rifiy asoslari” mavzusiga bag‘ishlandi. Seminarda Amerika Qo‘shma Shtatlari Michigan davlat universiteti professori Temur Xo‘ja o‘g‘lining mazkur mavzudagi ma’ruzasi tinglandi.  


- Ushbu nazariy-metodologik seminar universitetimiz professor-o‘qituvchilari va talabalarini amerikalik vatandoshimiz, butun salohiyatini Turkiston jadidchilik harakati va jadid adabiyotini o‘rganishga bag‘ishlagan, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan olim Temur Xo‘ja o‘g‘li ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishtirishi jihatidan qimmatlidir, – dedi O‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov. – O‘zaro tajriba almashinuv ushbu sohadagi tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirish imkoniyatini oshirishi shubhasizdir. Universitetimizning xalqaro ilmiy aloqalari miqyosi tobora kengayib borayotgan bugungi kunda bunday ilmiy munozara va mubohasalarni ko‘proq tashkil etishimiz alohida ahamiyatga ega.  

 
Professor Temur Xo‘ja o‘g‘li o‘z ma’ruzasida Turkiston jadidchilik harakati va jadid adabiyotining shakllanish va takomil bosqichlari, bu sohada AQSh va dunyo olimlari tomonidan amalga oshirilgan va bugungi kunda olib borilayotgan tadqiqotlar mohiyati hamda ko‘lami haqida mufassal ma’lumot berdi. Jadidshunoslikning istiqboli, bu sohada tadqiqotchilarini kutayotgan dolzarb ilmiy muammolarga e’tibor qaratdi. Seminar ishtirokchilarini o‘z ilmiy tajribalari bilan tanishtirdi. 
Savol-javoblar va qizg‘in fikr almashuvlar nazariy-metodologik seminarning qiziqarli hamda foydali o‘tishini ta’minladi. Seminar yakunida amerikalik mutaxassislar bilan o‘zaro ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash borasida kelishib olindi.