Yangiliklar

img
Wed, 05/13/2026 - 16:55

“Inson uchun – 2026” festivalida magistrlar ishtiroki

13-may kuni Psixologiya sotsiologiya kafedrasining “Ijtimoiy ish” yo‘nalishi magistr talabalari INSON UCHUN – 2026 III an’anaviy festivali doirasida tashkil etilgan yirik ijtimoiy-ma’rifiy tadbirda faol ishtirok etdilar. Festival inson qadri, ijtimoiy himoya va inklyuziv rivojlanish tamoyillarini keng targ‘ib etishga qaratilgan bo‘lib, unda ijtimoiy sohadagi islohotlar, yangi tashabbuslar hamda aholining turli qatlamlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar namoyish etildi. Tadbir 12–13-may kunlari O‘zekspomarkaz majmuasida bo‘lib o‘tdi.

Festival uchta asosiy hududga bo‘lingan holda tashkil etildi. “Imkoniyatlar yo‘li” nomli ATRIUM maydonida inson hayotining bolalik davridan boshlab ta’lim olish, kasb-hunar egallash va mehnat bozorida munosib o‘rin topishigacha bo‘lgan bosqichlar interaktiv tarzda yoritildi. Bu hududda ta’lim loyihalari, rivojlanish dasturlari, ijtimoiy xizmatlar hamda himoya tizimining zamonaviy imkoniyatlari taqdim etildi. Magistr talabalar mazkur maydonda ijtimoiy xizmatlarning amaliy jihatlari, innovatsion yondashuvlar va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.

Festivalning ikkinchi hududi — “Imkoniyatlar olimpiadasi – Abilympics” maydonida nogironligi bo‘lgan shaxslarning kasbiy mahorati namoyish etildi. Turli kasb yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlar, media loyihalar hamda ish beruvchilar bilan ochiq muloqotlar tashkil qilindi. Ushbu maydon magistr talabalar uchun inklyuziv ta’lim va bandlik tizimini amaliy jihatdan o‘rganish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatdagi faol ishtiroki va mehnat bozoridagi o‘rnini chuqurroq anglash imkonini berdi.

“Ijtimoiy tadbirkorlik va mahsulotlar ko‘rgazmasi” tashkil etilgan uchinchi hududda esa yuzlab tadbirkorlar va hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar namoyish qilindi. Milliy va zamonaviy ishlanmalar, ijtimoiy loyihalar hamda hamkorlik tashabbuslari festival ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Talabalar ijtimoiy tadbirkorlikning aholi farovonligini oshirishdagi o‘rni, bandlikni ta’minlashdagi ahamiyati va ijtimoiy himoya tizimi bilan integratsiyasi haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

 

Festival davomida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi, interaktiv o‘yinlar, kvizlar va amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etildi. Ayniqsa, ijtimoiy xodimlar faoliyatida uchraydigan real vaziyatlarni o‘yin formatida tahlil qilish imkoniyati talabalar uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi. Magistr talabalar tadbir orqali ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda inklyuziv rivojlanish yo‘nalishidagi zamonaviy yondashuvlar bilan yaqindan tanishdilar.

Mazkur festival magistr uchun nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, kasbiy ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda ijtimoiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglashda muhim ahamiyat kasb etdi.