Yangiliklar

img
Sat, 05/14/2022 - 13:05

Ilmiy-metodologik seminar

Joriy yilning 13-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha, umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim tizimlarida o‘quv dasturlarining uzviyligini ta’minlash konsepsiyalari, “O‘zbekiston Respublikasi uzluksiz ta’lim tizimi Milliy o‘quv dasturlari” tajriba-sinoviga bag‘ishlangan ilmiy-metodologik seminar tashkil etildi.

Mazkur seminar doirasida filologiya fanlari doktori, professor Z.Xolmanova tomonidan “Tilshunoslik nazariyasi (integratsiya asosida)" mavzusiga bag‘ishlangan “Mahorat darsi” bo‘lib o‘tdi. Ushbu mahorat darsi noan’anaviy tarzda ― tanlov sifatida tashkil etildi. Tanlovda 7 nafar magistrant va talaba o‘z iqtidorini namoyish etdi. Ishtirokchilar tanlangan ilmiy tadqiqot g‘oyasining reallashtirilishi, mavzuning yoritilish darajasi, ilmiy yangilikni tinglovchiga yetkazib bera olish darajasi hamda fikrni ifodalash qobiliyati bo‘yicha bellashdilar. Talabalar maxsus ekspertlar-hay’at a’zolari tomonidan baholanib borildi. Ishtirokchilarning qiziqarli taqdimoti qizg‘in muhokamalarga sabab bo’ldi.

Universitet dotsenti K.Mavlonova tomonidan "Milliy o‘quv dasturi asosida ona tili darslarini tashkil qilish mazmuni" mavzusidagi mahorat darsi  tashkil etildi.

Unda zamonaviy o‘quv darsliklari asosida darsni tashkil etish, ogʻzaki nutq va tinglab tushunishni shakllantirishga qaratilgan mashq va topshiriqlar ustida ishlash amaliy tarzda ko‘rsatib berildi. Mahorat darsida maktab o‘qituvchilari ham faol ishtirok etishdi.

Universitetimiz dotsenti X.Hamroqulova tomonidan“Abdulla Qahhorning hayot va ijod yoʻli” ga bagʻishlangan mahorat darsi tashkil etildi. Darsda A. Qahhorning asarlari jumladan, “Sinchalak” , “Sarob” romanlariga oid qarashlar va ularning hozirgi davrdagi ahamiyati borasida yangi fikrlar bildirildi. O‘qituvchilarga A.Qahhor haqidagi film namoyish etilib, mulohazalar bildirildi.

Universitetimiz dotsenti Sh. Hamroyeva tomonidan “O‘zbek tilida leksik-semantik sistemalar. Sinonimiya. Sinonimiyaning ko‘rinishlari” mavzusidagi amaliy mashg‘ulot darsi tashkil etildi.  Unda talabalar guruh-guruh  bo‘lib  mavzuga doir turli mashqlarni bajardilar. Mavzu yuzasidan videorolik namoyish etildi va talabalar o‘rtasida muhokama qilindi. Dars qiziq interaktiv usullar orqali tashkil etilganligi uchun maktab o‘qituvchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Mahorat darsi o‘qituvchilarda yangicha fikrlash va yangicha yondashuv ko‘nikmasini shakllantirishga xizmat qiladi.