Yangiliklar

img
Sat, 04/11/2026 - 11:13

Ijodiy uchrashuv tashkil etildi

2026-yil 10-aprel kuni “O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi” kafedrasi dotsenti Sh. Isayeva, universitet amaliyot bo‘limi bosh mutaxassislari hamda 203-guruh talabalari Chilonzor tumani 131-maktabda o‘zbek bolalar shoiri, jurnalist, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori Dilshod Rajabov bilan “Qo‘lingga kitob ol!” nomli ijodiy uchrashuvda ishtirok etdilar. Mazkur tadbir yoshlar qalbida kitobga muhabbat uyg‘otish, ularni milliy adabiyotimizning boy an’analari bilan tanishtirish hamda ijodkor va kitobxon o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbir avvalida maktab o‘quvchilari Dilshod Rajabov ijodidan yod olgan she’rlarini ifodali tarzda o‘qib berdilar. Ularning samimiy chiqishlari yig‘ilganlarda iliq taassurot qoldirib, adabiyotga bo‘lgan mehr va qiziqishning naqadar muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi. Shundan so‘ng talabalar va o‘quvchilar ijodkor bilan erkin muloqot olib borib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar. Bu jarayon ayniqsa pedagogik amaliyot o‘tayotgan talabalar uchun katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qildi.

Uchrashuv davomida Dilshod Rajabov tomonidan buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy va adabiy merosi, ularning hayoti va ijod yo‘li haqida qimmatli ma’lumotlar berildi. Shoir o‘z nutqida adabiyotning inson tarbiyasidagi o‘rni, yosh avlodni ma’naviy barkamollikka yetaklashdagi ahamiyati hamda kitob mutolaasining bugungi kundagi dolzarbligi haqida chuqur va ta’sirchan fikrlar bildirdi. U, shuningdek, o‘zining ijodiy faoliyati, she’riyatga kirib kelish jarayoni, ilk ijodiy izlanishlari va bugungi adabiy muhit haqida ham samimiy tarzda so‘zlab berdi.

 

Tadbir jarayonida yoshlar tomonidan berilgan savollar ijodkorni ilhomlantirdi, u esa har bir savolga hayotiy misollar, qiziqarli voqealar va ijodiy tajribalari asosida javob qaytardi. Bu esa uchrashuvni yanada jonli va mazmunli o‘tishiga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, yoshlarni mustaqil fikrlashga undovchi, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan tavsiyalar barcha ishtirokchilar uchun muhim dasturilamal bo‘ldi.

 

Tadbir yakunida ishtirokchilar milliy adabiy va ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib etish va yoshlar ongiga singdirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, bunday uchrashuvlar yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish, ularni yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalash, o‘zbek adabiyoti nufuzini oshirish hamda jamiyatda sog‘lom ma’naviy-ma’rifiy muhitni shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi.