Butunjahon ijtimoiy xodimlar kuni keng nishonlandi
Butunjahon ijtimoiy xodimlar kuni har yili mart oyining uchinchi seshanba kuni dunyo bo‘ylab keng nishonlanadi. Ushbu sana jamiyatda ijtimoiy soha xodimlarining o‘rni va ahamiyatini yana bir bor e’tirof etish, ularning fidokorona mehnatini qadrlash maqsadida tashkil etiladi. Shu munosabat bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ham mazkur sana ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda.
Tadbir universitetning Psixologiya va sotsiologiya kafedrasi tomonidan tashkil etilib, unda “Ijtimoiy ish” yo‘nalishining kunduzgi bakalavr, masofaviy bakalavr, kunduzgi magistratura hamda masofaviy magistratura bosqichlarida tahsil olayotgan talabalar faol ishtirok etdi. Tadbir davomida talabalarning ijtimoiy sohaga bo‘lgan qiziqishi, kasbiy mas’uliyati va jamiyat oldidagi burchini anglashiga qaratilgan turli chiqishlar namoyish etildi.
Talabalar tomonidan tayyorlangan ijtimoiy roliklar ijtimoiy ish mutaxassislarining jamiyatdagi muhim vazifalari, aholining turli qatlamlariga ko‘rsatilayotgan yordam hamda insonparvarlik tamoyillarini yoritib berdi. Shuningdek, interaktiv metodlarga asoslangan o‘yinlar orqali ijtimoiy ish sohasidagi muammolar, ularni hal etish yo‘llari va jamoaviy hamkorlikning ahamiyati amaliy tarzda ko‘rsatib berildi.
Tadbirning yana bir e’tiborga molik qismi guruhlar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari bo‘ldi. Ushbu chiqishlarda turli millat va elatlar o‘rtasidagi hamjihatlik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat g‘oyalari aks ettirildi. Talabalar turli obrazlar orqali ijtimoiy birdamlik, jamiyatdagi ijtimoiy adolat va inson qadr-qimmatini ulug‘lash g‘oyalarini yoritib berdilar.
Tadbir yakunida talabalarga ijtimoiy sohaning ramziy mazmunini ifodalovchi, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan maxsus sovg‘a to‘plami taqdim etildi. Bu sovg‘alar ijtimoiy ish sohasining insonparvarlik, mehr-shafqat va jamiyatga xizmat qilish kabi qadriyatlarini ifodalab, talabalarning kelajakdagi kasbiy faoliyatiga yanada katta motivatsiya bag‘ishladi.
Mazkur tadbir nafaqat ijtimoiy ish yo‘nalishi talabalarining bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, balki jamiyatda ijtimoiy ish sohasining ahamiyatini targ‘ib qilish, yoshlar qalbida insonparvarlik va ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qildi.

