Yangiliklar

img
Thu, 08/20/2026 - 13:58

Anqara Sotsial Bilimlar Universiteti bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Turkiyaning Anqara Sotsial Bilimlar Universiteti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Anqara Sotsial Bilimlar Universiteti rektori, Prof., Dr. Musa Kazim, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi raisi, Prof. Dr. Muhammad Enes Kala, Anqara Sotsial Bilimlar Universiteti Rektorat kotibiyati rahbari Serdar Chalimli hamda ijtimoiy fanlar doktori Kemal Yavuz Ataman ishtirok etdi.

Mehmonlarni universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Nurboy Jabborov qabul qildi. Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi aloqalarni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini rivojlantirish, qo‘shma ilmiy va ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, o‘zbek va turk adabiyoti, tilshunoslik, turkiy xalqlarning mushtarak ma’naviy merosini o‘rganish hamda ilmiy-adabiy aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishlar universitetning Turkiyadagi oliy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan yo‘lga qo‘ygan hamkorlik aloqalarining mantiqiy davomi sifatida ahamiyatlidir. Universitetning Turkiya ilmiy-adabiy doiralari bilan hamkorligi, xususan, Alisher Navoiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish borasidagi aloqalari izchil rivojlanib bormoqda.

 

Uchrashuv yakunida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Anqara Sotsial Bilimlar Universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

 

Mazkur memorandum ikki universitet o‘rtasidagi ilmiy, ta’limiy va madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.