Yangiliklar

img
Thu, 06/30/2022 - 12:26

Aholini ro`yxatga olish ishlariga kimlar jalb etiladi?

Respublika miqyosida aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishda Davlat statistika qo`mitasi markaziy apparati xodimlari ishtirok etadi. Hududlarda ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, materiallarni avtomatlashtirilgan holda qayta ishlash, dastlabki yakunlarni sarhisob qilish va natijalarni e’lon qilish uchun Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari, tumanlar va shaharlar statistika bo`limlari xodimlari jalb etiladi.
Jarayon qancha muddat davom etadi?
Ajratilgan xodimlar uyma-uy yurgan holda bevosita aholini ro`yxatga olish jarayonlari amalga oshirishadi va aholi to`g`risida ma’lumotlar yig`iladi. Aholini ro`yxatga olishni o`tkazish 10 kundan 60 kungacha bo`lgan davrni o`z ichiga oladi. Jarayon bir necha kun davom etsa ham, ma’lumotlar aniq bir vaqtda – aholini ro`yxatga olish birinchi kunining «0» soatdagi holati bo`yicha qayd etiladi. Bu aholini ro`yxatga olishning nozik vaqti, deb ham ataladi.
Olingan ma’lumotlar sir saqlanadimi?
Aholini ro`yxatga olishda individual asosda har bir shaxs to`g`risidagi yakka ma’lumotlar to`planadi. Shu bilan birga, respondentlardan olingan ma’lumotlarning nomsizligi kafolatlanadi. Aholini ro`yxatga olish varaqasidan faqat natijalarni umumlashtirish uchun foydalaniladi.
Shaxs to`g`risidagi ma’lumotlar so`ralayotgan (respondent)ning javoblari (kichik yoshdagilar uchun – ota-onalari yoki ularning o`rnini bosadigan shaxslarning) asosida qayd qilinadi va buni hujjat bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Ko`pchilik mamlakatlarda aholini ro`yxatga olish qonun bilan tartibga solingan.

Ro`yxatga olinadigan va olinmaydigan shaxslar
Ro`yxatga olinadigan shaxslar
1. O`zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi barcha fuqarolar.
2. Chet-elga:
- xizmat safariga;
- ta’lim olishga;
- dam olishga;
- davolanishga;
- mehmonga ketgan barcha fuqarolar.
3. O`zbekiston Respublikasi hududida ish yoki o`qish maqsadida doimiy yashayotgan chet-el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar.
4. Uysizlar.
Ro`yxatga olinmaydigan shaxslar
Respublika Tashqi ishlar vazirligida akkreditasiyadan o`tgan:
1. Xorijiy davlatlarning doimiy vakolatxonalari, elchixonalari, konsullik idoralarining xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyoz va immunitetga ega bo`lgan chet el fuqarolari va ularning oila a’zolari.
2. Xalqaro hukumatlararo tashkilotlarda ishlovchi chet el fuqarolari va ularning oila a’zolari.