Yangiliklar

img
Sat, 05/20/2023 - 15:01

Oʻzbek folklori va shevalari tadqiqotlari: amaliyot, metodologiya, yangicha yondashuv

Shevalar o‘zbek tilining bebaho xazinasidir. Bir tilning faqat ma’lum bir hududiga xos bo‘lib, boshqa joylarda o‘zgacha nom bilan yuritiladigan so‘zlar shevaga xos so‘zlar sanaladi. Bu so‘zlardan bittasi umumxalq tili bo‘lgan adabiy til uchun qabul qilinadi va ana shu so‘z adabiy til uchun me’yor bo‘ladi. Shuning uchun ham shevalarni o‘rganish, tadqiq etish tilimizning tarixan shakllanishini o‘zida saqlaydigan ulkan xazinani ochish barobarida, adabiy tilimizni ichki imkoniyatlar asosida boyishiga ham xizmat qiladi. 
Joriy yilning 20-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida  “Oʻzbek folklori va shevalari tadqiqotlari: amaliyot, metodologiya, yangicha yondashuv” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tdi. 


Bundan bir necha yil avval universitetning O‘zbek filologiyasi fakulteti Folklorshunoslik va dialektologiya kafedrasi qoshida Oʻzbek shevashunosligi markazi tashkil etilgan edi. Bu markaz tilimizning boyligi va jozibasini, xalqimizning tarixi, madaniy hayotini o‘zida aks ettirgan shevalarimizni o‘rganish, tadqiq etish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bugungi konferensiya ayni shu markaz tashabbusi bilan tashkil etildi. Unda jahonning turli nuqtalarida tadqiqot olib borayotgan shevashunos, turkolog olimlar, yosh tadqiqotchilar ishtirok etishdi.


Konferensiyani Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov ochib berdi. L.N. Gumilev nomidagi Yevroosiyo milliy universitetining professori Aymuxambet Janat ham anjuman qatnashchilariga tabrik izhor etdi. Shundan so‘ng yig‘ilish yalpi majlisining asosiy ma’ruzalari tinglandi. Professorlar H.Dadaboyev, S.Normamatov, N.Namatov, Sh.Abdinazimov, F.Latipov, N.Minbayev, Sh.Turdimov, B.Abdushukurovlarning ma’ruzalari zamonaviy shevashunoslik, turkologiya, tilshunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlandi.


Anjuman oʻzbek folklorshunosligining dolzarb masalalari va oʻrganilish tarixi, folklor va adabiy aloqalar, oʻzbek shevalari tadqiqotlari, dialektal leksikografiya, oʻzbek tili korpusi, toponimiya va lingvokulturologiya singari sho‘balarda ish olib bordi.