img

Abdirashidov Zaynabidin Sharabidinovich

Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor


Zaynabidin Sharabidinovich Abdirashidov- Filologiya fanlari doktori, dotsent. 2018-yil 5-martdan ToshDO‘TAU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimida ishlab kelmoqda.
Mutaxassisligi bo‘yicha sharqshunos-filolog bo‘lgan Zaynabidin Abdirashidov 1996-yili Toshkent davlat sharqshunoslik institutini tamomlagan. 2010-yili Berlin Xumboldt Universiteti Osiyo va Afrika tadqiqotlari institutida Markaziy Osiy tadqiqotlari ixtisosligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Zaynabidin Abdirashidovning ilmiy tadqiqot yo‘nalishi – XIX asr oxiri – XX asr boshlari Turkistonda jadidchilikning shakllanishi, rivojlanishi. U o‘z tadqiqotlarida, asosan, jadidchilikning Turkistonda shakllanishi hamda rivojiga ta’sir qilgan ichki va tashqi omillar, XX asr boshlari o‘zbek adabiyoti va adabiyotshunosligi muammolarini hal qilishga oid mavzular doirasida maqola va kitoblar nashr qilgan. Uning ilmiy ishlari qatorida “XX asr boshlarida Turkiston: ijtimoiy-siyosiy va intellektual jarayonlar” (2019), “Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning “Oyina” jurnali” (2019), “Ismail Gasprinskiy i Turkestan v nachale XX veka: svyazi-otnosheniya-vliyanie” (2011) kabi asarlarni ko‘rish mumkin.

Zaynabidin Abdirashidov 1993-1995 yillar Al-Azhar Universitetida (Misr Arab Respublikasi) tahsil olgan. 1996-1999 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fan va Texnika Davlat Komiteti tasarrufidagi Davlat ilmiy-texnika axboroti fondi Xalqaro aloqalar bo‘limi muhandisi, bo‘lim boshlig‘i, ilmiy xodimi. 2001-2016 yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi, dotsenti.

2014-2015 yillarda Xokkaydo Universiteti (Yaponiya) Slavyan-Yevrosiyo tadqiqotlari markazi, 2018 yil Tokio xorijiy tillar universiteti Osiyo va Afrika tillari va madaniyatlari ilmiy tadqiqot markazi professori. 2016-2018 yillar Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Sharq tillari kafedrasi mudiri. 2018-2020 yillar O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat olib borgan. 


U o‘zining ilmiy va pedagogik faoliyatidagi samarali ishlari uchun 2012-yilda Xalqaro Bakir Cho‘bonzoda (Ukraina), 2015-yili Xalqaro Ismoil Gasprinskiy (Turkiya), 2020 yilda Bilge Tonyukuk (Turkiya) mukofotlari bilan taqdirlangan. Qator nufuzli milliy va xorijiy ilmiy jurnallar tahririyati a’zosi.