Yangiliklar

img
Mon, 01/23/2023 - 19:11

Ilmiy seminarlar faoliyatidan

2023-yil 23-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek filologiyasi fakultetida navbatdagi nazariy-metodologik seminar boʻlib oʻtdi. Seminarda JOʻRA XUDOYBERDIYEV “Oʻzbek adabiy tilidan singarmonizm hodisasining chiqarilishi haqida" mavzusida maʼruza qildi. Maʼruzada turkiy tildagi singarmonizm hodisasi atrofidagi bahs-munozalar, unga mustabid tuzumning noxolis munosabati, turli olimlarning qarashlari qiyosiy yoritildi. Shuningdek, singarmonizm hodisasi oʻzbek tilining qarluq, qipchoq, oʻgʻiz lahjalariga xosligi misollar orqali asoslandi. Ammo turkiy tillarga xos singarmonizm hodisasi mustabid tuzum siyosati va rejasi tufayli oʻzbek tilidan chiqarib tashlanganligini rad qilib boʻlmaydigan mulohazalar orqali asoslab berdi. Xususan maʼruzachining, 1930-yilga qadar mahalliy olimlarning barchasi singarmonizm tarafdori boʻlgani, Polivanov ularga qatʼiy ravishda qarshi chiqqani, 30-yillardan keyin esa mahalliy olimlar qarashlarida ham oʻzgarish paydo boʻlgani, ular endi yangi oʻzbek adabiy tilini yaratish, singarmonizmning yoʻqolishi toʻgʻrisida gapira boshlaganlari, chunki 30-yillarning boshiga kelib totalitar tuzum oʻz mavqeini mutlaqo mustahkamlagani, kimki millat, turk degan boʻlsa, “millatchi”ga, “panturkist”ga aylantirilgani, millat maʼnaviyatining tayanchlari A.Qodiriy 1926-yilda hibsga olingani, Fitrat, Choʻlponlar oʻz “millatchiliklarini” eʼtirof etganlari, Munavvar Qori qatl qilingani, 30-yillarning boshlaridan asosiy eʼtibor “qosimovchilar”, “milliy ittihodchilar”, “millatchilar”, “panturkistlar”, “sotqinlar”ni fosh qilishga qaratilgani, Oʻzbek tilini boshqa turkiy tillardan ajratib tashlash, unli tovushlarni ifodalaydigan harflar sonini kamaytirish, oʻzbek tilining “yiqilmas qoʻrgʻoni” deb bilingan singarmonizmni imlo qoidalaridan chiqarib tashlash uchun vaziyat yetilgani kabi fikrlari qatnashchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Mazkur masala yuzasidan soʻzga chiqqan f.f.d., professor Samixon Ashurboyev, f.f.d., professor Hamidullo Dadaboyev, f.f.d., professor Nusratillo Jumaxoʻja, f.f.d., professor Uzoq Joʻraqulov, f.f.d., professor Baxtiyor Abdushukurovlar mustaqillikdan soʻng, Yangi Oʻzbekistonda bunday ilmiy izlanishlar dolzarblik kasb etishini taʼkidlashdi va milliy til rivoji uchun muhimligi, bunday tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash zamon talabi ekanligini eʼtirof etishdi. Seminarda fakulʼtet porfessor-oʻqituvchilari, tayanch doktorantlar, yosh tadqiqotchilar qatnashdi. Qizgʻin bahs-munozara tarzida oʻtgan seminar yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.

edited16:18