Yangiliklar

img
Sat, 03/25/2023 - 16:30

Ildizlar va yaproqlar

Yurtimizga muborak ramazon oyi kirib kelishi bilan hamyurtlarimiz imkon qadar ko'proq yaxshiliklar qilishga, ezgulik ulashishga oshiqadilar. Tanti va sarishta xalqmiz! Bu bilan har qancha faxrlansak arziydi. 
Bugun ham bir guruh talabalarimiz va tyutorlar birgalikda ko'plab ijodkorlar, adabiyotimiz darg'alari mangu qo'nim topgan "Chig'atoy" qabristonida bo'ldilar. Asosiy maqsad o'tgan ulug' ijodkorlar, olimlar-u fuzalolar  ziyoratidan tashqari ushbu manzilni obod qilishdan iborat bo'ldi. Talabalarimiz "mangulik bog'i"ni supurib-sidirdilar, manzarali gul ko'chatlarini parvarish qildilar. Albatta, bu xayrli ishga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbariyati ham qo'shildi. Yaqin kunlarda O'zbekiston Xalq yozuvchisi G'afur G'ulom tavalludining 120 yilligi nishonlanadi. Ushbu sana oldidan qilingan bu savobli ish ziyoratchilarning ta'biga ijobiy ta'sir qilishi, shubhasiz. Bu maskanga Maqsud Shayxzoda, G'afur G'ulom, Shukur Xolmirzayev, Najmiddin Komilov, Ozod Sharafiddinov, Abdulla Oripov singari adabiyotimiz darg'alari dafn qilingan. Bugungi ziyoratda o'tganlar haqqiga duo qilindi, yoshlarga mana shu ulug'larga munosib bo'lishlari lozimligi, umrning qisqaligi va uni mazmunli o'tkazishlari shartligi aytildi.