Yangiliklar

img
Sat, 12/03/2022 - 14:06

Cheksiz imkoniyatlar

3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni. Ushbu sana butun dunyo boʻylab keng nishonlanadi, bundan asosiy maqsad aqlan va jismonan nuqsoni bor zamondoshlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdan iboratdir. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti ham koʻngli yarim talabalarimiz holidan xabar olish, ularga moddiy va maʼnaviy jihatdan yordam berish bo’yicha kompleks ishlar amalga oshiriladi. Universitet rahbariyati va pedagogik jamoasi tomonidan bugungi sana munosabati bilan imkoniyati cheklangan talabalar holidan xabar olindi. Ularga universitet tomonidan rag’batlantiruvchi pul mukofotlari topshirildi. O’z navbatida talabalar ham e’tibor va g’amxo’rlik uchun universitet jamoasiga minnatdorchilik izhor etdilar.
Mehr-muruvvatli va bag‘rikeng xalqimiz azal-azaldan yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni qadriyat deb biladi.
BMTning ta’kidlashicha nogironligi bo’lgan shaxslarni jamiyatga jalb qilish inson huquqlarini ta’minlash, barqaror rivojlanishga erishish va tinchlik va xavfsizlikni o’rnatish uchun juda muhimdir.


Kezi kelganda aytish joiz, ushbu sana 1992-yilda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasi qaroriga binoan har yili nishonlanib kelinmoqda. Bundan asosiy maqsad jamiyatda nogironlar duch kelayotgan muammolarni yaxshiroq tushunish, ularni bartaraf etish, qadr-qimmati, huquqlarini himoyalash, turmush sharoitlarini yaxshilashdan iborat. Zero, bu toifa insonlarning sogʻligida muammosi bor boʻlgani bois imkoniyatlari cheklangan va moddiy sharoiti ham talab darajasida emas. Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash orqali jamiyatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi faolligini taʼminlashga erishish mumkin.


Bugungi kunga kelib dunyo aholisining 1 milliarddan ortigʻida, yaʼni yetti kishidan kamida bittasida muayyan bir turdagi nogironlik mavjud. Shularning 100 milliondan ortigʻini bolalar tashkil etadi. Demak, safimizdagi imkoniyati cheklanganlarning teng huquqliligini taʼminlash, qadr-qimmatini himoya qilish darkor.